Bosh sahifa / Kreativ laboratoriya
Kreativ laboratoriya
15 ta ijodiy topshiriq: boshlang‘ichdan yuqori darajagacha.
Son tushunchasini kengaytirish; butun sonlar
Harorat, qarz va mablagʻ, dengiz sathidan balandlik kabi vaziyatlar orqali manfiy sonlarga ehtiyojni koʻrsatuvchi kamida uchta original hayotiy vaziyat tuzing. Har bir vaziyatni boshlangʻich sinf oʻquvchisiga tushunarli tilda izohlang va oʻzingiz tanlagan sonlar bilan amal bajarib koʻrsating.
Ratsional sonlar; ulush va kasr tushunchasi
Kasr va ulush tushunchasini hayotiy vaziyat orqali izohlovchi original topshiriq tuzing. Bir xil kasrni ikki xil modelda (doira va kesma) tasvirlang va kasrlarni qoʻshish yoki solishtirishga bitta masala tuzing.
Oʻnli kasrlar va ular ustida arifmetik amallar
Oʻnli kasrlar ustida bitta amalni (masalan, 2,4 · 1,5) kamida ikki usulda bajaring va har bir usulning toʻgʻriligini asoslang. 10×10 kvadratli setka modelidan foydalaning.
Haqiqiy sonlar; irratsional son tushunchasi
Tomoni 1 ga teng kvadratning diagonali orqali √2 irratsional son ekanini koʻrsatuvchi chizma yarating. N ⊂ Z ⊂ Q ⊂ R munosabatini vizual sxemada ifodalang va boshlangʻich sinf oʻqituvchisi uchun qisqa izoh yozing.
Kompleks sonlar va ular ustida amallar
Kompleks son tushunchasini bilimi yoʻq oʻquvchiga tushuntiruvchi sodda metodik izoh tayyorlang. Qoʻshish, ayirish va koʻpaytirishga kamida uchta misol tuzing va har birini bosqichma-bosqich yeching.
Kompleks sonlarning geometrik maʼnosi va trigonometrik shakli
Kompleks sonni tekislikda nuqta va vektor sifatida tasvirlovchi dinamik model yarating. Modulning va argumentning oʻzgarishi sonning joylashuviga qanday taʼsir qilishini kuzating, koʻpaytirishda burilish va choʻzilish hodisasini koʻrsating va metodik xulosa yozing.
Geometriya elementlari; geometrik figuralar
Geometrik figuralarni oʻrgatuvchi original didaktik oʻyin loyihalang. Oʻyin qoidalari, kartochkalar, gʻolibni aniqlash tartibi va kutilgan oʻquv natijasi yozilsin.
Koʻpyoqlilar va aylanma jismlar
Prizma, piramida, silindr va konusdan kamida ikkitasining dinamik modelini yarating, yoyilmasini (toʻrini) koʻrsating va hajm formulasi bilan bogʻlang. Oraliq diagnostika natijasi boʻyicha oʻz ishingizga qisqa refleksiya yozing.
Geometrik masalalar yechish metodlari
Bitta geometrik masalani ikki usulda (masalan, Pifagor teoremasi va yuza usuli bilan) yeching. Chizmani GeoGebrada yarating va usullarni qulaylik, tezlik va tushunarlilik jihatidan taqqoslovchi jadval tuzing.
Miqdorlar va ularni oʻlchash
“Matematika hayotda” tamoyili asosida “Bozorda savdo” rolli oʻyinini loyihalang. Mahsulotlar, narxlar, miqdorlar va hisob-kitob vaziyatlarini oʻylab toping, sotuvchi va xaridor rollarini va oʻyin qoidalarini yozing.
Kesma uzunligi va uzunlik birliklari
4K modeli (kreativlik, tanqidiy fikrlash, kollaboratsiya, kommunikatsiya) asosida guruhda uzunlikni oʻlchashga oid oʻlchov oʻyini yoki didaktik material yarating. Guruh aʼzolarining rollari aniq yozilsin, mahsulot sinfda taqdim etilsin.
Figuralarning yuzi va uni oʻlchash usullari
Figuralarning yuzini topishga oid original didaktik kartochka yoki infografika yarating. Kamida uchta figura (toʻgʻri toʻrtburchak, uchburchak, trapetsiya) uchun yuzni topish usulini rasmli koʻrsating.
Massa va hajm, ularni oʻlchash
“Uy qurilishi” loyihasida oʻlchov va geometriyani birlashtiring. Xonaning yuzi va hajmini, boʻyoq sarfini (litr, kg) hisoblang, masalalarni oʻzingiz tuzing va yechimlarini asoslang.
Vaqt oraliqlari va boshqa miqdorlar (narx, tezlik, yoʻl)
Yakuniy individual loyiha. Boshlangʻich sinf uchun “Tezlik, vaqt, yoʻl” mavzusida original dars ishlanmasini yarating. Maqsad, texnologik xarita, kamida uchta topshiriq, baholash mezoni va oʻz-oʻzini baholash savollari boʻlsin. Ishlanmani “Kreativ portfolio”ga joylang.
Matnli, nostandart va mantiqiy masalalar
Bitta matnli masalani ikki usulda (arifmetik va tenglama yoki chizma bilan) yeching va usullarni taqqoslang. Soʻng oʻzingiz yangi nostandart masala tuzing, uning yechimi va qiyinlik darajasini asoslang. Natijani portfolioda taqdim eting va guruhdoshlaringizning ishiga yozma fikr bildiring.
Baholash mezonlari
Har bir ish 0–4 ballik rubrika bo‘yicha baholanadi. Har topshiriqda bitta mezon asosiy hisoblanadi.
